Hozirgi kunda chet tilini o‘qitish metodikasi sohasida yangi pedagogik paradigmalar va yondashuvlar shakllanib, an’anaviy, asosan o‘qituvchi markazli va reproduktiv xarakterga ega bo‘lgan usullarni tubdan qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Ushbu o‘zgarishlar globallashuv jarayonlari, xalqaro muloqotning kengayishi, mehnat bozorida chet tillariga bo‘lgan talabning ortishi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivoji bilan chambarchas bog‘liqdir [Селевко, 2010]. Natijada chet tilini o‘qitish jarayoni faqat grammatik qoidalar va leksik birliklarni o‘zlashtirish bilan cheklanib qolmasdan, balki real kommunikativ vaziyatlarda tilni samarali qo‘llashga yo‘naltirilgan murakkab pedagogik jarayon sifatida qaralmoqda.